Milliy o’yinlar-millat ardog’ida


Xalqimiz fasllar kelinchagi bahor faslini o`zgacha bir sog`inch,intiqlik bilan kutadi. Zotan,fusinkor bahor nafaqat borliqni anvoyi libosga bezab, muattar atrini atrofga taratadi, balki insonlar qalbida ham go`zal tuyg`ularni uyg`otib, ko`ngillarga bahoriy iliqlik va shukuh hadya etadi. Yoshu keksaning dili quvonchdan entikib,hayajon va sevinchga to`ladi. Axir yer bag`ridan bosh ko`tarib,quyosh tomon talpinayotgan maysalar, insonlarga shodlik ulashish ilinjida borliqni go`zallikka burkagan gulu giyohlar, qushlarning sho`x navolari kishi qalbini to`lqinlantirmaydimi? Tabiatning bu mo`jizasi bahor sharofati ila yangidan ochilgan hayot zarvarag`lariga qo`yilgan muhrdir. Bahor biz uchun qanchalik ardoqli bo`lsa, uning ortidan ergashib keluvchi bayramlari ham shu qadar aziz va e’zozlidir. Bahor nafaqat yangilanish,go`zallik,balki bayramlar fasli hamdir.

Biz uchun bahor va Navro`z o`zaro egizak va mushtarak tushinchalardir. Navro`z yangi kun,ezgulik, kelajakka umid tantanasi! bu bayram oilamiz,yaqinlar,do`st-u birodarlar jam bo`lib milliy taomlarimiz tayyorlanadigan, atrofni sho`x-shodon bolalarning o`yin-kulgulari tutib ketadigan, milliy o`yinlar zavq bilan o`ynaladigan, xalqona kuy-qo`shiqlar kuylanadigan, qisqacha aytganda, milliy urf-odatlarimiz bo`y boricha o`zini namoyon etadigan ezgulik va xurramlik ayyomidir.

Ajdodlardan avlodlarga meros qolib, asrlar osha boyib, yanada sayqal topib kelayotgan milliy sport o`yinlarimiz Navro`z ayyomining ajralmas bo`lagidir. Quyoshning tafti yer bag`rini ilitib,dala-yu qirlar, bog`u rog`larga ko`klam nafasi tekkani hamon atrofni g`ayrati ichiga sig`mas bolakaylarning sho`x hayqiriqlari tutib ketadi. Varrak uchirish, kurash tushish, qilichbozlik, ko`pkari, halinchak kabi milliy o`yinlar sayillari avj ola boshlaydi.

Xalq o`yinlari kishiga o`zgacha xushnudlik ulashadi,insonni beg`ubor olamga yetaklab,bolalik xotiralarini hadya etadi.

Milliy o`yinlar yoshlarning jismoniy, aqliy, axloqiy rivojlanishini, shuningdek,kuchli,epchil,topqir,mard inson bo`lib kamol topishlarida ham katta ahamiyat kasb etadi.

Zamonlar imtihonidan o`tib kelayotgan xalq o`yinlari qadimdan ajdodlarimiz madaniy hayotining ajralmas bo`lagi sifatida qadirlanadi. Ular asrlar davomida millatimiz ma’naviyatini boyitish,ongu tafakkurini teranlashtirishga xizmat qilib kelmoqda. O`yinlarda sodda, dilkash xalqimizning turmush tarzi, mehnati, g`ayratu o`z aksini topgan.

Mahmud Qashqariyning “Devoni lug`atit turk” asarida milliy o`yinlarimizning bir yuz ellikdan ziyod turi tilga olingan. Jumladan, chavgon, qilichbozlik, nayzadorlik va boshqa o`yinlar haqida ham ma’lumot beriladi. Lyg`atda izoh berilgan o`yinlarning bir nechtasi hozirgi kunda ham bolalar uchun qiziqarli mashg`ulot sanaladi.

“Alpomish”dostoni xalq o`yinlarini o`rganishda muhim manbadir.Unda tilga olingan kurash, ot, poyga, uloq, nayza sanchish, kamondan o`q otish, qilichbozlik, merganlik kabi o`yinlar negizida mardlik, jangavorlik, oriyat, matonat, ma`naviy va jismoniy komillik kabi fazilatlar o`z ifodasini topgan.

Mustaqillik yillarida mllliy o`yinlarimiz,urf-odatlarimiz nafaqat asl qiyofasiga qaytdi, balki mazmunan boyidi va yanada sayqal topdi. Xalqimizning ayrim milliy o`yinlari hatto sport turi darajasiga ko`tarilib,dunyo xalqlari orasida ham ommalashib,sevib o`ynalmoqda. Bunga misol tariqasida milliy kurash va belbog`li kurash sport turlarini keltirishimiz mumkin.

Kurash o`zbeklarning milliy sporti bo`lib, unda polvonlar bir-birining belidan olgancha or-nomus uchun kurashadilar. Xalq orasida kurash tushuvchi kuchli polvonlar juda hurmat qilingan, atrofdagilar ularga havas bilan qaragan. Shuning uchun belini bog`lab kurash tushadigan polvonlar xalq shodiyonalarining ardoqli mehmoni sanalgan. Kurash qadimdan epchillik,chapdaslikni sinash musobaqalarining eng sevimli turlaridan biridir. Bu sport turida ishlatiladigan o`zbekcha “chala”, “yonbosh”, “halol” iboralarini endilikda o`zbek tilida mutlaqo bexabar bo`lgan o`zga yurt vakillari ham qo`llamoqdalar.Bu kishiga olam-olam g`urur va iftixor tuyg`usini baxsh etadi.

Milliy xalq o`yinlarimizdan yana biri-bu ko`pkaridir. Bu o`yin turi ham ming yillik tarixga ega. Ko`pkarida yuzlab chavandozlar boshi va ichak-chavoqlari olingan echki ustiga yopiriladi va uni otdan tushmay turib yerdan ko`tarib olishga harakat qiladi. Uzoq tortishuvlardan so`ng chabdas va jasur chavandozlardan biri uloqni yerdan uzib olib,taqimiga bosadi-da, olomon orasini yorib chiqib ketadi. Endigi uning vazifasi ortidan quvayotganlarga tutqich bermay uloqni belgilagan marraga keltirib tashlashdir. G`olib chiqqan chavondozga shoyi to`n,pul,qo`y va boshqa sovrinlar beriladi.Bu milliy o`yinda muvaffaqiyat qozonish uchun ot ham chavandoz ham baquvvat,epchil,yaxshi mashq olgan abjir bo`lmog`i shart.

Qilichbozlik va kamondan o`q otish –asirlar davomida ota-bobolarimiz tomonidan qo`llanib, ularning jasorat va matonati belgisi sifatida shakillangan milliy xalq o`yinlari hisoblanadi.Bu o`yin turlari ham hozirga kelib sport darajasiga ko`tarilgani hech kimga sir emas. Qadimda qilichbozlik va kamondan o`q otish bo`yicha hatto davlat miqyosida jangchilar tayyorlangan. Kuchlilik,epchillik,qurol ishlatishda mohirlik,raqibga qarshi tura olish jangchiga hurmat va shuhrat keltirgan.

Arqon tortishuv,yog`och oyoqda yurish,ag`darish,qiz quvmoq kabi ko`plab mashq va o`yinlar qadim zamonlardan to shu bugunga qadar xalq orasida juda sevimli va ardoqli bo`lib kelmoqda.Ayniqsa,bolalar va o`smirlar o`rtasida xilma-xil serharakat o`yinlar keng quloch yoygan: “Botmon-botmonn”, “Qushim boshi”, “Oqsoq qarg`a”, “O`rta”, “Shayton-shayton”, “Oq terakmi-ko`k terak” kabi ko`plab o`yinlar hozirda ham bolalar tomonidan sevib o`ynalib kelinmoqda. O`zbek xalq o`yinlari maktab o`quvchilari va yoshlarni jismoniy tarbiya va sport mashg`ulotlariga kengroq jalb qilishda ham muhim vosita bo`lib xizmat qilmoqda.

Muhimi, millatimizning azaliy qadiryati bo`lmish xalq o`yinlarini chuqur o`zlashtirish,yanada ommalashtirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Zero, Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch” asarida ta’kidlaganidek, har qaysi xalq yoki millatning ma’haviyatini uning tarixi, o`ziga xos urf-odat va an’analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo`lmaydi.

Go’zal Olimjonova

Jismoniy tarbiya va sport jurnali 2014 yil mart oyidagi soni

<<….orqaga qaytish

2017 yil "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"

SAHIFALAR

ARXIV
FOYDALI SAYTLAR

Tanlov natijalari e'lon qilindi

“Xalq ta'limi tizimidagi eng yaxshi veb-saytlar – 2017” ko‘rik-tanlovining natijalari tanlov.uzedu.uz saytida e'lon qilindi.

 KALENDAR

Январь 2018
Пн Вт Ср Чт Пт Сб Вс
« Сен    
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
293031  

Âñå î ïîãîäå - Pogoda.uz

K i m k i bo'lsa t e j a m k o r , Qut-baraka unga yor. 2014-05-0cd4_1045472014-05-0cd4_1045472014-05-0cd4_104547

HISOBLAGICH

Flag Counter

Топ рейтинг www.uz

Boshqaruv paneli-2014

___________________________________________