Odob-axloq qoidalari

UMUMIY O’RTA TA’LIM MAKTAB O’QITUVCHI
VA O’QUVCHILARINING ODOB — AXLOQ QOIDALARI

I bob. Umumiy qoidalar

1. «Umumiy o’rta ta’lim maktab o’qituvchilari va o’quvchilarining odob-axloq qoidalari» (matnda keyingi o’rinlarda «Odob-axloq qoidalari» deb yuritiladi) O’zbekiston Respublikasining Konstitustiyasi, «Ta’lim to’g’risida»gi, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to’g’risida»gi, «Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to’g’risida»gi, «Bola huquqlari kafolatlari to’g’risida»gi, «Voyaga yetmaganlar o’rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to’g’risida»gi, «Axborot erkinligi prinstiplari va kafolatlari to’g’risida»gi qonunlari, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 21 maydagi 139-son «O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarori hamda umume’tirof etilgan ma’naviy-axloqiy tamoyillar asosida ishlab chiqilgan.
Mazkur «Odob-axloq qoidalari» O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o’rta ta’lim muassasalariga tadbiq etiladi.
2. Mazkur «Odob-axloq qoidalari» ta’lim muassasalari jamoa a’zolari (ma’muriyati, o’qituvchilari, texnik xodimlari va o’quvchilari)ning ta’lim muassasasidagi o’zaro munosabatlarida rioya etishlari shart bo’lgan odob-axloq tamoyillari, xulq-atvor me’yorlari va majburiyatlarini belgilab beradi.
3. Mazkur «Odob-axloq qoidalari»ga rioya qilish ta’lim muassasasi jamoa a’zolarining barchasi uchun majburiy hisoblanadi.

II bob. Maqsad va vazifalar

4. Mazkur «Odob-axloq qoidalari»ning maqsadi umumiy o’rta ta’lim maktablarida sog’lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish, yosh avlodga zamon talablari va milliy qadriyatlar asosida ta’lim-tarbiya berish, ta’lim muassasalarida o’quv-tarbiya jarayonining sifati va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga sharoit yaratishdan iboratdir.
5. Mazkur «Odob-axloq qoidalari»ning asosiy vazifalari:
umumiy o’rta ta’lim maktablari jamoasi a’zolarining ma’naviy immunitetini shakllantirish va mustahkamlash;
o’quvchilar orasida odob-axloqni buzishni, zo’ravonlik, hayosizlik va shafqatsizlikni tashviq qilishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlarning oldini olishga, yoshlarni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan va boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot bo’lgan diniy va ekstremistik ta’sirlardan, past saviyali «ommaviy madaniyat» xurujlaridan himoya qilishga ko’maklashishdan iborat.

III bob. Jamoa a’zolarining odob-axloqiga oid qoidalar

6. Umumiy o’rta ta’lim maktablarida hamjihatlik, o’zaro ishonch, hurmat, bir-biriga g’amxo’rlik qilish hamda ahil-inoqlik jamoa a’zolarining o’zaro munosabatlaridagi muhim shartlardir.
7. Jamoa a’zolari umumiy o’rta ta’lim maktabiga muassasa Ustavida belgilangan kiyimda kelishi lozim.
8. Ta’lim muassasasida har bir jamoa a’zosining sha’ni va qadr-qimmati o’zaro hurmat qilinishi, jamoa a’zolari o’zaro munosabatlarda «Siz» deb murojaat qilishi odat tusiga kirishi lozim. Ularning bir-biriga nisbatan hurmatsizlik qilishi, o’zaro munosabatlarda behayo so’zlar ishlatishi qat’iyan taqiqlanadi.
9. Jamoa a’zolari umumiy o’rta ta’lim maktablari hududida yurganda bir-biriga o’zaro hurmat ko’rsatib, yo’lak yoki koridorning o’ng tomonidan yurishlari, bir-biriga duch kelganda, albatta salomlashishlari kerak. Bunda o’quvchilar o’qituvchilarga, o’g’il bolalar qizlarga, kichik yoshdagilar katta yoshdagilarga birinchi bo’lib salom berishlari tavsiya etiladi (ushbu holatlarda qo’l berib so’rashish istisno bo’lib, yoshi katta shaxslar yoki xotin-qizlar birinchi bo’lib qo’l uzatganidan keyingina ularga javoban qo’l uzatish mumkin).
10. Ta’lim muassasalari binolariga kirish joylarida tirbandlik yuzaga kelsa, o’quvchilar o’qituvchi va xodimlarga, o’g’il bolalar qizlarga, yuqori sinf o’quvchilari boshlang’ich sinf o’quvchilariga yo’l berishlari lozim.
11. Milliy va umumbashariy qadriyatlarga xos bo’lmagan yoki umumiy o’rta ta’lim maktabining ichki munosabatlariga taalluqli masalalarni Internet tarmog’iga joylashtirish yoki undan turli maqsadlar yo’lida foydalanish taqiqlanadi.
12. Kompyuterlarda ta’lim muassasasiga tegishli bo’lmagan ma’lumotlarni, shuningdek, turli kinofilmlar, noqonuniy diniy ma’lumotlar, behayo suratlar, milliy, irqiy, etnik, diniy adovatni targ’ib qiluvchi har qanday materiallarni tayyorlash, saqlash, foydalanish va targ’ib etish qat’iyan man etiladi.
13. O’qituvchilar va o’quvchilar tasdiqlangan mashg’ulotlar jadvali asosida ishga va darsga o’z vaqtida kelishi, ish kuni va dars jarayonidan unumli foydalanishlari lozim.

IV bob. O’qituvchi va o’quvchilarning ta’lim-tarbiya jarayonidagi o’zaro munosabatlari

14. O’qituvchi va o’quvchilarning ta’lim-tarbiya jarayonidagi o’zaro munosabatlari «ustoz-shogird» an’anasiga asoslanishi lozim.
15. O’qituvchi sinfga kirib kelishi bilan o’quvchilar hurmat yuzasidan o’rinlaridan turib kutib olishlari va baravariga «Assalomu-alaykum!» — deb salom berishlari, o’qituvchi ruxsatidan so’ng o’rinlariga o’tirishlari odobdan hisoblanadi. Bunda boshlang’ich sinf o’quvchilari o’quv kunining birinchi dars soatida, yuqori sinf o’quvchilari har bir darsda sinfga kirgan fan o’qituvchisiga xuddi shunday tartibda munosabatda bo’ladilar.
16. O’quvchilarning dars mashg’ulotlari davomida o’zboshimchalik bilan maktabdan tashqariga chiqib ketishi taqiqlanadi.
17. Maktabda dars mashg’ulotlarining boshlanishi va tugashi «Kirish» va «Chiqish» qo’ng’iroqlari bilan tartibga solinadi. «Kirish» qo’ng’irog’i dars boshlanganligini bildirib, u chalingandan so’ng barcha o’quvchilar va dars jadvalida belgilangan fan o’qituvchilari zudlik bilan tegishli sinf xonalariga kirib, mashg’ulotni boshlashlari lozim.
Dars mashg’ulotini tugaganligini bildiruvchi «Chiqish» qo’ng’irog’i o’qituvchi uchundir. O’qituvchi mashg’ulot yakunlanganligini e’lon qilgandan keyingina o’quvchilarning sinfdan chiqishlariga ruxsat beriladi. «Chiqish» qo’ng’irog’i chalingandan so’ng o’qituvchi tomonidan o’quvchilarni uzoq vaqt sinf xonasida ushlab turishga yo’l qo’yilmaydi. O’qituvchi sinfdan chiqayotganda o’quvchilar o’rinlaridan turib, «Xayr, salomat bo’ling!» — deb hurmat ko’rsatadilar.
18. Dars mashg’ulotlari va tadbirlar vaqtida mobil telefonlaridan foydalanish barcha uchun taqiqlanadi. Maktabda o’tkaziladigan o’quv mashg’ulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari va shu kabilar) boshlanishidan oldin o’quvchi va o’qituvchilar mobil telefonlarini o’chirib qo’yishlari lozim. Shuningdek, maktab hududiga kirib kelishda har bir o’quvchi, o’qituvchi, xodim va boshqa tashrif buyuruvchi shaxslar o’z mobil telefoni abonentining chaqiruv ovozini to’liq o’chirib qo’yishi (telefonni «ovozsiz» rejimga o’tkazishi) shart.

V bob. O’qituvchilarning o’zaro munosabatlari

19. O’qituvchilar o’zaro munosabatlarda – yagona jamoa, o’zaro hurmat, do’stlik, hamjihatlik, halollik va adolat tamoyillariga amal qilishlari lozim.
20. O’qituvchilarning o’zaro munosabatlarida inson qadr-qimmatiga hurmatsizlik qilish man etiladi.
21. Maktab ma’muriyati va o’qituvchi-xodimlarning ish faoliyatiga doir masalalar bo’yicha hamkorlik qilishda bir tarafning boshqa tarafga tazyiq o’tkazishiga yoki shunga harakat qilishiga, shuningdek, adolat tamoyillariga yoki ta’lim muassasasi manfaatlariga zid bo’lgan qarorlar tayyorlanishiga yo’l qo’yilmaydi.
22. Jamoada biror bir masala bilan ma’muriyatga murojaat qilish o’rnatilgan tartibda tashkil etiladi.
23. O’qituvchi va boshqa xodimlarning ta’lim muassasasida ma’naviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash bo’yicha tashabbus va g’oyalari rag’batlantiriladi.
24. Ma’muriyat o’qituvchilar va xodimlarning kasbiy va intellektual jihatdan rivojlanishlari uchun qulay ish joyi, zamonaviy kompyuter, internet tarmog’i, kutubxona fondi va axborot resurslaridan erkin foydalanish, shuningdek, dam olishlari va jismonan chiniqishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berish choralarini ko’radi.

VI bob. Maktab jamoasi a’zolarining odob-axloqqa oid majburiyatlari

25. O’qituvchilarning odob-axloqqa oid majburiyatlari:
mazkur odob-axloq qoidalariga rioya qilishda o’quvchilarga ibrat bo’lish;
maktab manfaatlariga zid bo’lgan xatti-harakatlardan tiyilish;
biror-bir noxush voqea yoki hodisa ro’y bersa, zudlik bilan ma’muriyatni xabardor qilish;
umumiy o’rta ta’lim maktabining sha’ni va nufuziga dog’ tushiradigan har qanday holatlarning oldini olish;
umumiy o’rta ta’lim maktabi to’g’risidagi axborotlardan uning manfaatlari va obro’siga ziyon etkazish uchun yoki o’z manfaatlari yo’lida foydalanmaslik;
dars jarayonida o’quvchilarga odob-axloqqa oid milliy an’analarimiz, urf-odat va qadriyatlarimizni keng tushuntirib borish;
yoshlar orasida sog’lom turmush tarzini keng targ’ib qilish, ularni zararli odatlardan va boshqa turli halokatli tahdidlar hamda jamiyatimiz uchun yot bo’lgan diniy va ekstremistik ta’sirlardan, past saviyali «ommaviy madaniyat» xurujlaridan ogoh etib borish.
26. O’quvchilarning odob-axloqqa oid majburiyatlari:

a) Ta’lim muassasasi hududida:

maktabga mashg’ulotlar boshlanishidan 10-15 daqiqa oldin, ta’lim muassasasi Ustavida belgilangan o’quvchilar libosi (formasi)da kelish;
toza va orasta kiyinish, saranjom-sarishta yurish, sochlarni ozoda va tartibga keltirilgan holda tutish (o’g’il bolalar sochlarining uzunligi me’yor (2-3 sm)dan oshmasligi, qiz bolalarning ixcham zirakdan tashqari boshqa taqinchoqlarni taqmasligi lozim);
chiqindilarni faqat maxsus belgilangan idishlarga tashlash;
ustozlar va maktab mehmonlari bilan uchrashganda salom berish;
o’quv mashg’ulotlari vaqtida hududda sababsiz yurmaslik;
ta’lim muassasasi mulki (parta, stol, stul, doska, o’simliklar, hayvonot dunyosi va hokazolar)ga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish;
maktab yo’laklarida tinchlikni saqlash, baland ovozda gaplashmaslik;
maktabga o’quv-qurollari, dars jadvalida belgilangan darsliklar va daftarlar bilan kelish (o’quvchilar uchun mo’ljallangan papka tutishi, kundalik daftarining bo’lishi, ma’naviyatga zid rasmlar tushirilgan yozuv daftarlaridan foydalanmasligi);
narkotik va psixotrop moddalar, alkogol va tamaki mahsulotlarining iste’mol qilinishi hamda tarqatilishiga yo’l qo’ymaslik.

b) Dars vaqti (sinf xonalari)da:

dars jarayoniga xalal beradigan harakatlar qilishdan saqlanish;
uyali aloqa vositalarini o’chirib qo’yish;
dars vaqtida o’rinsiz gaplashmaslik;
jihozlarni asrab-avaylash, partalarga, stol va stullarga chizmaslik;
qog’oz va boshqa keraksiz narsalarni qoldirib ketmaslik;
ovqatlanmaslik, saqich chaynamaslik.

v) Tanaffusda:

tanaffusdan unumli foydalanish;
o’z o’qish joyini toza saqlash va tartibga keltirish;
navbatdagi dars bo’ladigan xonaga o’z vaqtida o’tish;
fan o’qituvchisining ko’rsatmasi bo’yicha sinfni kelgusi darsga tayyorlash;
katta tanaffus vaqtida navbatchi o’quvchilar tomonidan sinf xonasining tozaligini ta’minlash.

g) Maktab oshxonasida:

ovqatlanishdan oldin va keyin qo’llarini yuvish;
umumiy ovqatlanish joylarida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilish;
taomlarni olishda «navbatga turish» tartibiga rioya qilish;
tirbandlik holatida ustozlar, yosh bolalar va qizlarga hurmat ko’rsatish;
ovqatlanish vaqtida shovqin solmaslik;
issiq va suyuq ovqatlarni olishda va iste’mol qilishda ehtiyotkorlik ko’rsatish;
oshxonadan olingan ovqat va ichimliklarni oshxonaning o’zida iste’mol qilish;
ovqatlangandan so’ng idishlarni yig’ishtirib qo’yish.

d) Maktab kutubxonasi va axborot resurs markazi (ARM)da:

kutubxona va ARM xodimlari bilan xushmuomalada bo’lish;
kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish;
baland ovozda so’zlashmaslik va boshqa kitobxonlarga xalaqit bermaslik;
qog’oz va boshqa chiqindilarni qoldirib ketmaslik;
kitoblarni olish va topshirish tartib-qoidalariga rioya qilish.

e) Sport majmualarida:

sport majmuasiga xos bo’lgan kiyim va poyabzallarda kirish;
sport inventarlaridan oqilona va samarali foydalanish;
mashg’ulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta topshirish;
sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga to’liq rioya qilish.

Bundan tashqari, o’quvchilarga quyidagilar tavsiya etiladi:
o’zining namunaviy xulqi va bilimi bilan atrofdagilarda o’quvchilik odobi haqida ijobiy taassurot hosil qilishga intilish;
ko’cha-ko’yda bemaqsad yurmaslik, kattalarga hurmatda, kichiklarga izzatda bo’lish, jamoat transportlarida keksa, nogiron va yosh bolali yo’lovchilarga joy berish;
doimo komillikka intilish, halollik va adolat bilan hayot kechirish kabi olijanob fazilatlarni chuqur anglash;
o’z maktabi manfaati, uning sha’ni va nufuzi to’g’risida qayg’urish, ularni saqlashda jonkuyarlik qilish va ularga hurmat bilan munosabatda bo’lish.

VII bob. Maktab jamoasi a’zolarining odob-axloqida
man etiladigan holatlar

27. Quyidagilar o’qituvchilarga man etiladi:
jamoa a’zolari va boshqalarning shaxsiyatini va qadr-qimmatini kamsitish;
o’quvchilarni o’quv mashg’ulotlaridan asossiz chiqarib yuborish;
o’quv mashg’ulotlarida diniy tashviqot olib borish;
o’quv mashg’ulotlariga spirtli ichimliklar iste’mol qilgan, soch-soqolni tartibga keltirmagan va kiyinish odobiga rioya qilmagan holda kelish;
maktab hududida spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish.
28. Quyidagilar o’quvchilarga man etiladi:
mashg’ulotlar yakunlangunga qadar maktab hududidan o’qituvchilar ruxsatisiz tashqariga chiqish;
o’qituvchilarga va boshqa o’quvchilarga nisbatan hurmatsizlik qilish;
o’qituvchilarni chalg’itish bilan bog’liq har qanday xatti-harakatlarni amalga oshirish;
yozma ishlar va oraliq nazoratlarni bajarish vaqtida chetdan yordam so’rash, o’zgalarga yordam ko’rsatish;
boshqa o’quvchilar tomonidan tayyorlangan topshiriqlar yoki yozma ishlarni o’z nomidan topshirish;
mashg’ulotlarga kechikib kelish yoki qatnashmaslik;
moddiy jihatdan yaxshi ta’minlanganligini turli yo’llar bilan namoyish qilish.

VII bob. Rag’batlantirish va chora ko’rish tartibi

29. O’quv yili davomida mazkur «Odob-axloq qoidalari»ga to’liq rioya qilgan, ta’lim muassasasida yuksak ma’naviy-axloqiy muhitning qaror topishiga va yanada mustahkamlanishiga xizmat qilgan jamoa a’zolari quyidagicha moddiy va ma’naviy jihatdan rag’batlantirilib boriladi:
o’qituvchilarga maktab buyrug’i bilan tashakkurnoma e’lon qilish, ularni tarmoq va davlat mukofotlariga tavsiya qilish;
«Faxriy yorliq» bilan taqdirlash;
qimmatbaho va esdalik sovg’alar bilan mukofotlash;
maktab radiouzeli orqali e’lon qilish;
«Eng faol o’quvchi» nominastiyasini berish;
o’quvchilar ota-onasining ish joyiga yoki mahalla fuqarolar yig’iniga tashakkurnoma xati yuborish.

30. Jamoa a’zolari mazkur «Odob-axloq qoidalari»ni buzganida ularga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qo’llaniladi:
o’qituvchilarga maktab buyrug’i bilan «Hayfsan» e’lon qilish;
o’quvchining kundaligiga tanbeh yozish;
boshqa sinfga o’tkazish;
sinf jamoasi orasida muhokama qilish.
Mazkur «Odob-axloq qoidalari»ga rioya etilmaganlik holatlari ta’lim muassasasidagi «Kamolot» YoIH, Xotin-qizlar qo’mitasi boshlang’ich tashkilotlari va «Ota-onalar» kengashlarida ham muhokama qilinishi mumkin.

IX bob. Yakuniy qoidalar

31. Mazkur «Odob-axloq qoidalari» har bir o’quvchiga va ularning ota-onalari (yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxslar)ga hamda o’qituvchilarga imzo qo’ydirilgan holda etkaziladi.
32. Mazkur «Odob-axloq qoidalari» maktabning foyesiga barchaga ko’rinarli tarzda joylashtirib qo’yiladi.
33. Mazkur «Odob-axloq qoidalari»ning talablarini har bir o’qituvchi va o’quvchilar to’liq bilishi va unga qat’iy amal qilishi shart.

«…..orqaga qaytish

2017 yil "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"

SAHIFALAR

ARXIV
FOYDALI SAYTLAR

Tanlov natijalari e'lon qilindi

“Xalq ta'limi tizimidagi eng yaxshi veb-saytlar – 2017” ko‘rik-tanlovining natijalari tanlov.uzedu.uz saytida e'lon qilindi.

 KALENDAR

Апрель 2018
Пн Вт Ср Чт Пт Сб Вс
« Сен    
 1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
30  

Âñå î ïîãîäå - Pogoda.uz

K i m k i bo'lsa t e j a m k o r , Qut-baraka unga yor. 2014-05-0cd4_1045472014-05-0cd4_1045472014-05-0cd4_104547

HISOBLAGICH

Flag Counter

Топ рейтинг www.uz

Boshqaruv paneli-2014

___________________________________________